BIRLAMCHI GIPOTIREOZ BILAN OG‘RIGAN BEMORLARDA KARDIOVASKULYAR HOLATNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Baxadirova M.A., Artikov N.K., Abdujamilova R.M.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi
Keywords: birlamchi gipotireoz, kardiovaskulyar holat, yurak-qon tomir tizimi, sinus bradikardiyasi, QTc intervali, elektrokardiografiya, exokardiografiya, diastolik disfunksiya, perikardial suyuqlik, Orolbo‘yi hududi, nevrologik asoratlar.
Abstract
Birlamchi gipotireoz yurak-qon tomir tizimida gemodinamik o‘zgarishlar, miokardning diastolik disfunksiyasi, yurak ritmi buzilishlari va kardiovaskulyar xavfning ortishi bilan kechishi mumkin. Ushbu tadqiqotda birlamchi gipotireoz bilan og‘rigan bemorlarda, ayniqsa ekologik jihatdan noqulay Orolbo‘yi hududida yashovchi va nevrologik asoratlari mavjud bemorlarda kardiovaskulyar holatning o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganildi. Tadqiqot 2023–2025-yillarda Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bazasida o‘tkazildi. Tadqiqotga jami 143 nafar tekshiriluvchi jalb qilinib, ular to‘rt guruhga ajratildi: Orolbo‘yi hududida yashovchi nevrologik asoratlari mavjud birlamchi gipotireozli bemorlar, shu hududda yashovchi nevrologik asoratlarsiz birlamchi gipotireozli bemorlar, ekologik jihatdan noqulay hududlardan tashqarida yashovchi birlamchi gipotireozli bemorlar hamda amaliy sog‘lom shaxslardan iborat nazorat guruhi. Kardiovaskulyar holat klinik tekshiruv, elektrokardiografiya, exokardiografiya va tireoid holatini baholash asosida o‘rganildi.
Tadqiqot natijalari birlamchi gipotireozli bemorlarda yurak-qon tomir tizimining funksional va struktur-gemodinamik o‘zgarishlari nazorat guruhiga nisbatan ko‘proq uchrashini ko‘rsatdi. Eng yaqqol o‘zgarishlar Orolbo‘yi hududida yashovchi va nevrologik asoratlari mavjud bemorlarda kuzatildi. Ushbu guruhda sinus bradikardiyasi, QTc intervalining uzayishiga moyillik, EKGda past voltaj belgisi, chap qorinchaning diastolik disfunksiyasi va perikardial suyuqlik ko‘proq aniqlangan. Shuningdek, arterial bosim ko‘rsatkichlari, chap qorincha chiqarish fraksiyasi va miokard remodellanishi bilan bog‘liq ayrim farqlar ham qayd etildi. Olingan natijalar tireoid gormonlar yetishmovchiligining yurak-qon tomir tizimiga tizimli ta’sirini tasdiqlaydi. Shu sababli birlamchi gipotireozli bemorlarni kompleks tekshirishda, ayniqsa kasallik asoratlangan kechganda va bemor ekologik jihatdan noqulay hududda yashaganda, EKG va ExoKG tekshiruvlarini kiritish maqsadga muvofiqdir.
References
1. Biondi B., Cappola A.R., Cooper D.S. Subclinical hypothyroidism: a review // JAMA. – 2019. – Vol. 322, № 2. – P. 153–160.
2. Kahapola-Arachchige K.M., Hadlow N., Walsh J.P. Thyroid hormones and cardiovascular disease: recent advances and clinical implications // Endocrine Reviews. – 2023. – Vol. 44, № 5. – P. 765–790.
3. Taylor P.N., Albrecht D., Scholz A., et al. Global epidemiology of hyperthyroidism and hypothyroidism // Nature Reviews Endocrinology. – 2023. – Vol. 19, № 5. – P. 301–316.
